Adana Adıyaman Afyon Ağrı Aksaray Amasya Ankara Antalya Ardahan Artvin Aydın Balıkesir Bartın Batman Bayburt Bilecik Bingöl Bitlis Bolu Burdur Bursa Çanakkale Çankırı Çorum Denizli Diyarbakır Düzce Edirne Elazığ Erzincan Erzurum Eskişehir Gaziantep Giresun Gümüşhane Hakkari Hatay Iğdır Isparta İstanbul İzmir K.Maraş Karabük Karaman Kars Kastamonu Kayseri Kırıkkale Kırklareli Kırşehir Kilis Kocaeli Konya Kütahya Malatya Manisa Mardin Mersin Muğla Muş Nevşehir Niğde Ordu Osmaniye Rize Sakarya Samsun Siirt Sinop Sivas Şanlıurfa Şırnak Tekirdağ Tokat Trabzon Tunceli Uşak Van Yalova Yozgat Zonguldak
İstanbul °C

Anvar YUSUPOV: TURON VA ISLOMNING UChRAShUV NUQTASI

Anvar YUSUPOV: TURON VA ISLOMNING UChRAShUV NUQTASI
REKLAM ALANI

Anvar YUSUPOV: TURON VA ISLOMNING UChRAShUV NUQTASI

O’zbekiston turizm vazirligi turkiy dunyo stoli rasmiysi Anvar YUSUPOV , TURON VA ISLOMNING UChRAShUV NUQTASI

Turklar yurti sifatida umume’tirof etilgan Turon tarixi Turk hoqonliklaridan o‘nlab asrlar avval boshlangani kabi O‘rta asrlarda Islomning qalqoni va tayanchiga aylangan turklarning Islom diniga xizmati ularning ushbu dinni qabul qilishlaridan oldinroq boshlangan edi.
Turon atamasi, dastavval bundan uch ming yil avval zartushtiylarning muqaddas kitobi “Avesto”da tilga olingan bo‘lib, “tur(k)”lar yurti sifatida tilga olinadi. Zartushtiylik manbalari asosida tarix yozishga chog‘lagan Abulqosim Firdavsiy o‘zining “Shohnoma”sida Turon yurtining hukmdori Afrosiyob va uning va xalqini “turklar” deb ataydi. Mahmud Qoshg‘ariy tomonidan XI asrda yaratilgan birinchi turkologik esiklopediya — “Devoni lug‘at ut-turk”da turklarning birinchi Turon saltanati hoqoni Alp Er To‘nga “Shohnoma”dagi Afrosiyob bilan bir odam ekanligi qayd etilgan.
Keyingi davrda ham Turk hoqonlaridan Boburiy podshohlarga qadar bo‘lgan hukmron sulolalar, Sohibqiron Amir Temurdan Abulg‘oziy Bahodirxongacha bo‘lgan tojdorlar, Mahmud Qoshg‘ariydan Mahmudxo‘ja Behbudiygacha bo‘lgan shoir-u olimlar o‘z tili va milatining nomini faxr bilan turk deb ataydilar.
Shu nuqtayi nazardan mazkur maqolada barcha turkiy xalqlarning umumiy nomi sifatida “TURK” so‘zidan foydalaniladi. Shu bilan birgalikda, maqoladagi “turk” tushunchasi 1923-yilda Mustafo Kamol Otaturk tomonidan tuzilgan Turkiya Respublikasining fuqarolari bilan cheklanib qolmasligi eslatiladi.

Turon va turklar
XX asr tarixchilari turklarning jahon sahnasiga chiqishini VI asrning o‘rtalarida tuzilgan Turk hoqonligi imperiyasi bilan bog‘lasalar-da, Turon tarixi undan bir necha ming yillar avvaldan boshlanishi, Turon va turklar o‘zaro chambarchas bog‘liq ekani yuqoridagi manbalardan ham anglashiladi.
Turklarning ajdodlari bo‘lgan saklar va xunnlar ham Turonning sohiblari edilar. Vizantiyalik tarixchi Feofanning “Xronografiya” asari ham buni tasdiqlaydi: “Shu payt biz hunnlar deb ataydigan turklar alanlarning yeri orqali Yustinning huzuriga elchilarini yubordilar”. Turklarning ilk elchilar karvoni milodiy 558-yilda Vizantiyaga borgan edi.
Vizantiyadan 568-yilda Turk hoqoni huzuriga elchi bo‘lib borgan Zemarx safari haqida Menandr tomonidan yozilgan solnomada turklarning tilini skif (sak) tili deb ataydi: “U Zemarx oldiga keldi, rumliklar olib kelgan narsalarni bir joyga to‘pladi. Lubnon daraxti butoqlaridan olov yoqishdi, skif tilida qandaydir varvarcha so‘zlarni takrorlashdi”.
Xunnlarning avlodi va bevosita vorislaridan biri sanaladigan Xazar hoqonligi haqida Xitoy solnomasi “Tanshu”da: “Bosi (fors) va Folinlarning (Vizantiya) shimoliy qo‘shnisi dulgaslarning (turk) avlodi kesalar (xazar)”, deya ta’rif berilgan.
Vizantiya manbalarida turklar haqida shunday tavsif beriladi:
“Turklar olovni hamma narsadan ustun qo‘yadilar, suv va havoni ulug‘laydilar, yerga madhiyalar kuylaydilar va birgina osmon va yerning yaratuvchisiga ibodat qilib, uni “Tangri”, deb ataydilar. Ular Unga otlarni, buqalarni, va mayda hayvonlarni qurbonlik keltiradilar”.
Taniqli rus turkologi Lev Gumelevning turklar haqidagi e’tirofi alohida e’tiborga molik: “E’tirof etmoq kerakki, Istami va Qora Churin mohir sarkardalargina bo‘lib qolmay, iste’dodli ma’murlar ham edilar. Ular istilochilar sifatida kelgan mamlakatlarida “modus vivendi” hosil qilishdi. Ular kelgunicha tarqoq holda yashab, bor kuchlarini o‘zaro mayda urushlarga sarflab, hayot kechirgan qavmlar tinch hayot mazasini tatib ko‘rishdi, ko‘chmanchi chorva xo‘jaligini rivojlantirish imkoniga ega bo‘lishdi. Bularning barchasi kishilar ongida birlik, yaxlitlik tushunchasini hosil qildi. Mana shu yaxlitlik o‘sha chog‘dan boshlab turk deb atala boshlandi.
Ular bir mamlakatda hukmron yoki mehmon yoxud yollanma askar bo‘ladimi, u asir tushgan qulmi, baribir, boshqa xalqlar vakillariga nisbatan tez e’tirof qozonar edilar”.
“Irqiy ajratish qadimgi turk madaniyati uchun yot narsa edi”
“Turklar taqdiridagi shuhrat va omadning sababi nimada ekanligini kim aytib bera oladi?” — deya so‘ragan XII asr tarixchisi Faxriddin Muborakshoh Marvarudiy mazkur savoliga o‘zi quyidagicha javob beradi: ma’lumki, har bir qavm va kishilar toifasi o‘z xalqi orasida, o‘z qarindoshlari qurshovida, o‘z shahrida ekan, o‘ziga yarasha obro‘-e’tiborga ega bo‘ladi. Biroq ular sayohatga chiqib, begona yurt, ellarga borib qolsa, undan jirkanadilar yoki mutlaqo e’tibor bermaydilar. Lekin turklarda buning teskarisi: ular hali o‘z yurtida va qarindoshlari orasida ekan, boshqa turli qabilalardan biri bo‘lib qoladi, xolos. Ularni yetarlicha qudratga ega bo‘lmaganlari uchun hatto yordamga ham chorlamaydilar. Ular o‘z chodiri, qarindoshlari va mamlakatlaridan qancha olislashsa, shunchalik qudrati va e’tibori oshib borib, ulardan amirlar va sipohsalorlar yetishib chiqadi”.
Tarixchi Faxriddin Muborakshoh Marvarudiy yuqoridagi fikrlarini turklarning qudratli va dono podshohi Afrosiyobning (Alp Er To‘nga) quyidagi gapi bilan quvvatlaydi: “Turk dengiz chig‘anog‘i ichidagi durga o‘xshaydi: dur o‘z uyida yashaganida qiymatga ega bo‘lmaydi. Ammo u chig‘anoqdan tashqariga chiqar ekan, qiymatli bo‘ladi: shohlar toji va kelinlar qulog‘ini bezaydi”.
Iste’dodli sarkarda Istami Yabg‘u yo‘lboshchiligidagi turklar milodiy
560-yilda Sosoniy forslar bilan ittifoq bo‘lib, Oq xunnlar (Eftaliylar) saltanatini bo‘lib olishga kelishdilar. Islom payg‘ambari Muhammad alayhissalom tavallud topgan – 571-yilda Markaziy Osiyoni to‘liq egallab, Turonning qadimiy shaharlariga egalikni qo‘lga kiritdilar. Bu yillarga kelib turklar g‘arbda ham shimoliy Kavkazni batamom egallab Vizantiya bilan ham qo‘shni bo‘lib oldi. Turklarning, ayniqsa, Buyuk ipak yo‘li savdosining eng faol tijoratchilari va diplomatlari bo‘lgan so‘g‘dlar bilan birlashuvi Turonning yangi iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga yo‘l ochdi. Savdo yo‘lidagi raqobat Eron va Turon o‘rtasidagi azaliy adovatni yangidan qo‘zg‘adi. Turklar forslarga qarshi ittifoqdosh izlab, so‘g‘d elchisi Maniaxni Rumga yubordi.
Haq payg‘ambari Muhammad alayhissalom Arab yarim orolidagi barcha elatdoshlarini muqaddas Islom g‘oyasi atrofida birlashtirgach, atrofdagi saltanatlar hukmdorlarini ham o‘z diniga da’vat etib maktub yo‘lladi. Maktubda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularni Allohning yagonaligiga va Allohga ibodat qilishga da’vat etgan edilar.
Garchi Qaysar Heraql buni tasdiqlasa-da, yonidagi ruhoniylar shovqin ko‘tarishib, Qaysarni qaroridan qaytarishgani, Eron hukmdori esa, haq payg‘ambarining ismi o‘zining ismidan oldin yozilgani uchun kibrlanib, maktubni yirtib tashlagani bir qancha musulmon tarxichilari asarlarida sobit bo‘lgan.
Turklarga Nabiyning maktubi yetib bormagan edi. Ammo ular da’vat etilganlardan farqli o‘laroq, arab mushriklari kabi o‘z qo‘llari bilan yasagan toshlarga, forslar kabi o‘z qo‘llari bilan yoqqan olovlarga topinmas, Tangrilariga “farzand” va sheriklar ravo ko‘rmas edilar.

Islom yoyilayotgan paytda Yevroosiyodagi geosiyosiy vaziyat
Milodiy VII asrning boshlarida Yevropaning katta qismida, Osiyoning g‘arbidan o‘rta mintaqalarigacha bo‘lgan hududlarda hamda Afrikaning shimolida o‘sha davrning yirik saltanatlaridan bo‘lgan Vizantiya (Rum) va Sosoniylar (Fors) hukmronlik qilardi. Ular o‘rtasidagi chegaralar, tinimsiz olib borilgan muhorabalar natijasida o‘zgarib turardi. Sof qalblarida yap-yangi dinni dunyoga hukmron qilish orzusida yashayotgan, payg‘ambarlarining mujdasidan boshqa quvonadigan hech narsasi; na hokimiyati, na tarafdorlari bo‘lmagan musulmonlar hamda Iroq-Shom yo‘lidagi savdo karvonlarining muhim manzilgohi va butun arablarning muqaddas ma’badi sanaladigan Makka shahridagi Ka’baga egalik qiluvchi Quraysh mushriklari bu ikki saltanat raqobatining qoq o‘rtasida edi. Musulmonlar va ularning raqiblarida urushlarning natijasiga ta’sir qiluvchi hech qanday dastak bo‘lmasa-da, ular o‘zaro bellashayotgan tomonlarga tarafdorlik qilishardi.
Ushbu voqealar yuz berayotgan paytda Turonning janubiy g‘arbdagi qo‘shnisi forslar bilan shimoliy-g‘arbdagi qo‘shnisi va ashaddiy dushmani avarlar o‘zaro ittifoqda edilar. “Fors-avar ittifoqi 628-yilgacha davom etdi, bu ittifoq, Vizantiya imperiyasini qulatishiga sal qoldi”.
Vizantiya esa, forslarga qarshi qudratli ittifoqdosh izlayotgan edi. Shimoldagi antlar, alanlar kabi qabilaviy tuzilmalar mustahkam davlat shakliga ega bo‘lmaganidan, ular bilan kelishuvlar muntazamlik kasb etmas, manfaatlarga qarab turli tomonga burilib ketar edi.
Voqealar rivoji Islom manbalarida batafsil yozib qoldirilgan. “Milodiy
613-yil. Islomda nubuvvatning beshinchi yili. Rum va Fors saltanatlari orasida juda katta qonli urush yuz berdi. O‘sha paytda Forsga Xusrav, Rumga Herakl (Irakliy) podshohlik qilardi. Bu ikki davlatning o‘ziga yarasha yerlari, askariy kuch-quvvatlari bor edi. O‘sha davrda Falastin, Suriya, Misr, Iroqning bir qismi va Kichik Osiyo Rumga tobe edi. Mazkur urushda forslar rumga ikki tomondan hujum qildilar. Dajla va Furot daryolari bo‘ylab Suriya yerlariga, Ozarbayjon va Armaniston tarafdan Kichik Osiyoga bostirib kirdilar. Fors lashkarlari Rum kuchlarini ikki jabhada ham yengib, dengizgacha ta’qib etib bordilar. Ular Suriyadagi nasorolarning barcha muqaddas shaharlarini egalladilar. 614-yilda butun Falastinni, jumladan, Quddusni ham qo‘lga oldilar. Urush davomida barcha kanisalar (cherkovlar) yiqitildi, diniy binolar xarob etildi. Forslar yigirma olti ming yahudiyni va oltmish mingdan ziyod xristianni qilichdan o‘tkazdilar. Shoh saroyiga o‘ldirilgan odamlardan o‘ttiz mingining kallasi keltirildi.
Urush harakatlari Misrga ham yetib bordi. 616-milodiy yilda forslar Nil vodiysini ishg‘ol etdilar. So‘ngra Iskandariyaga yurish qildilar. Boshqa tomondan esa, butun Kichik Osiyoni qo‘lga kiritib, Rum poytaxti Konstantinopolga, uning oldidagi bo‘g‘ozga yetib keldilar. Forslar qaerni bosib olsalar, u yerda otashparastlik ibodatxonasi qurar, shu yo‘l bilan xristianlik o‘rniga otashparastlikni joriy qilar edilar. Bu katta mag‘lubiyatdan so‘ng Rum saltanatiga qarashli bir qancha viloyat va o‘lkalarda markaziy davlatga qarshi isyon ko‘tarildi. Afrika va Yevropadagi bir qancha o‘lkalar, hatto poytaxtga qo‘shni ba’zi o‘lkalar ham imperiya qaramog‘idan chiqqanlarini e’lon qildi. Qisqasi, sharqiy Rim imperiyasi parchalandi. Lashkar tarqalib ketdi. Imperator Herakl poytaxtni tark etib, Qartajaga qochdi. G‘alabadan sarxush bo‘lgan forslar bir qancha shartlarni qo‘ydilar. Rum saltanati talablarning hammasini so‘zsiz qabul qildi. O‘zaro shartnoma imzolandi.
Xullas, Rumliklarning mag‘lubiyatini eshitgan Makka mushriklari cheksiz quvondilar va musulmonlarga: “Siz va rumliklar ahli kitobsizlar, biz va forslar ahli kitob emasmiz, bizning sheriklarimiz sizning sheriklaringizni yengdi, endi biz ham sizlarni yengamiz”, dedilar.
Ana shunda Alloh taolo “Rum” surasining avvalgi oyatlarini nozil qildi”.
1. Alif. Laam. Miym. 2. Rum mag‘lub bo‘ldi. 3. Yaqin yerda. Va ular mag‘lubiyatlaridan keyin tezda g‘olib bo‘lajaklar. 4. Sanoqli (biz’u) yillarda. Undan oldin ham, keyin ham barcha ish Allohdandir. O‘sha kunda mo‘minlar shodlanurlar. 5. Allohning nusratidan. U xohlaganiga nusrat berur. Va U azizu rohiymdur.
Bunday qirg‘inbarot urushlardan keyin, Vizantiyaning ahvolidan boxabar bo‘lgan xom sut emgan banda “Rum g‘olib bo‘lajakdir”, deyishga qodir emasdi. Buni faqat Qodiri yakto Alloh aytishi mumkin edi.
Voqealarning davomi ulug‘ mufassir va tarixchi Imom Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariyning Abdulloh ibn Abbosdan qilgan rivoyatida davom ettiriladi:
“Mushriklar forslarning rumlardan ustun bo‘lishini orzu qilar edilar. Chunki ular ahli kitob edilar. Ularning dini o‘zaro yaqin edi.
“Alif. Laam. Miym. Rum mag‘lub bo‘ldi. Yaqin yerda. Va ular mag‘lubiyatlaridan keyin tezda g‘olib bo‘lajaklar. Sanoqli (biz’u) yillarda” oyatlar nozil bo‘lganida mushriklar:
“Ey Abu Bakr! Sening og‘ayning, Rum sanoqli yillarda Forsdan ustun bo‘ladi, demoqda-ya?!” deyishdi.
“To‘g‘ri aytadi”, dedi Abu Bakr.
“Biz bilan garov o‘ynaysanmi?” deyishdi.
Yetti yil muddatga to‘rttadan tuyaga garov o‘ynadilar. Yetti yil o‘tdi. Hech narsa bo‘lmadi. Bundan mushriklar shodlandilar. Musulmonlar mahzun bo‘lishdi. Abu Bakr bo‘lib o‘tgan gapni Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamga zikr qildilar. U zot sollallohu alayhi va sallam:
Sizningcha, sanoqli yillar (بِضْعِ سِن۪ينَۜ — biz’u siniyn) qancha?” deb so‘radilar.
“O‘ndan oz”, deb javob berdi Abu Bakr.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:
“Bor, garovning ustiga ziyoda qil va muddatni ikki yilga oshir”, dedilar.
Ikki yil o‘tmay otliqlar kelib, Rum Fors ustidan g‘olib kelganining xabarini berdilar. Mo‘minlar bundan shodlandilar!”
Mo‘minlarning shodlanishi uchun asoslari yetarli edi, albatta. Ular Robbisi va Rasulining so‘ziga shubha qilmasdan, mushriklar bilan bahsga kirgandilar. Endi bu masala oriyat masalasiga ham aylangandi. Mo‘minlar ilohiy bashoratning amalga oshishiga shubha qilmasdilar, faqat iymonlari sababidan bunga g‘ayridinlar ham ishonishlarini, boshqalar ham ular haq deb bilgan e’tiqodda bo‘lishlarini, shu voqea sababidan dinlarining yanada keng yoyilishini istardilar. Ammo yuqorida ham ta’kidlanganidek, bo‘layotgan hodisalarni o‘zgartirish tugul, voqealarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaysidir darajada aralashish uchun mo‘minlarda yetarli jismoniy va harbiy kuch yo‘q edi. Tashqaridan qarganda, mo‘minlar mazkur urushlar seli oldidagi xasdek edilar. Faqat mo‘minlar hammadan qudratli, har narsaga qodir Alloh uchun hech bir mushkul yo‘qligiga ishonardi.
Xo‘sh, unda Qodir Allohning hukmini kim ijro qildi? Kalomullohning bashoratini kim amalga oshirdi? Mo‘minlarni shodlantirgan kim? Islom payg‘ambarini haqli chiqargan kim? Mushriklarni mahzun qilgan kim? Rumning bo‘g‘zidan bo‘g‘ib turgan Forsni tizginlagan kim? Mo‘minlarning ahli kitoblarini qutqargan kim?

Ilohiy mujdaning ijrochilari
Turk hoqonligining bepoyon hududi sharqda Tinch okeaniga yondosh Sariq dengizdan g‘arbda Atlantika okeaniga tutash Qora dengizgacha, shimoliy Sibir kengliklaridan Hidistongacha yoyilgan edi. Imperiyaning Sharqiy qismini Ulug‘ qog‘on (hoqon), g‘arbiy qismini Yabg‘u qog‘on boshqarardi. Yabg‘u hoqondan keyingi ikkinchi shaxs edi. Avvalboshdan, saltanat asoschisi Buminning ukasi Istami yabg‘u g‘arbiy o‘lkalarning fotihi sifatida bu hududlarda hukmronlikni boshlagan edi. Istami va uning o‘g‘li Qora Churin hokimiyati davrida imperiyaning g‘arbiy sarhadlari kengayib mahalliy qardosh va yot xalqlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatildi. Qora Churin uzoq vaqt hukmronlik qilib, o‘z ulusidan tashqari Sharqiy hoqonlik boshqaruvida va Xitoydagi mayda davlatlarni qaramlikda ushlab turishda ham katta ta’sirga ega bo‘ldi.
Qora Churinning o‘limidan keyin ba’zi uquvsiz boshqaruvchilar davrida saltanat biroz chayqalgan bo‘lsa-da, uning nabirasi To‘ng Yabg‘u hoqon (618 – 630) hokimiyatga kelishi bilan ishlar darrov o‘nglandi. To‘ng Yabg‘u davlat boshqaruvida favqulodda qobiliyatli, diplomatik munosabatlar o‘rnatishda epchil edi. Yangi hukmdor Vizantiya va Sosoniylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan foydalanib, ularni o‘z ta’sir doirasida ushlab turish orqali ipak yo‘li tijoratidagi eng katta daromadga ega bo‘lishni maqsad qilgani uning keyingi faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ladi.
U o‘z qarorgohini Choch (hozirgi Toshkent) vohasidan shimoldagi yam-yashil yaylovda bunyod etdi. Bu hududlar ham shimoldagi ko‘chmanchilarni, ham Xitoyda yangidan bo‘y ko‘rsatayotgan Tang imperiyasini, ham janubdagi forslarni, ham g‘arbdagi Vizantiyani nazorat qilish va o‘zi istagan masofada tutib turish uchun geografik va strategik jihatdan eng qulay joy edi. Bu yer butun Yevroosiyoga o‘z hukmini o‘qiyotgan hoqonlikka tegishli bepoyon hududlarning o‘rtasi edi. Mana shu yerdagi ipak va zarhalga burkangan Qurvi chuvachi va oltin taxtida sharq va g‘arbdan kelgan elchilarni qabul qilardi. Uning darohiga nafaqat dunyoning to‘rt tomonidan elchilar, balki sayyohlar hamda hindu xitoy, buddaviy va konfutsiychi rohiblar ham kelardilar. Azamatli hukmdor ularning barchasini qabul qilar, tinglar, sovg‘alarini qabul qilar, jahonning har tarfidan xabarlarni olar, o‘z qudratini namoyish etar va ularni siylar edi.
VII asr II choragining dastlabki yillari Xitoylik budda dini rohibi Syuan szan hozirgi Qirg‘izistonning To‘qmoq shahri yaqinida ov qilib yurgan To‘ng Yabg‘u hoqon bilan ko‘rishadi. U hukmdorni shunday tasvirlaydi: “Xonning egnida yashil atlas to‘n, bo‘rksiz (bosh kiyimsiz), ensiz ipak tasmacha bilan peshonasi tang‘ilgan bo‘lib, uzun, yelkasiga tushgan sochlarini to‘zg‘itmaslik vazifasini ham o‘tardi. Xonni parchadan chopon kiygan ikki yuz nafar suvoriy arkonlari o‘rab olgan edi. Ularning sochlari o‘rilgan. Boshqa jangchilar tuya va otlarga minib olishgan bo‘lib, kiyimlari mo‘ynadan yoki gazlamadan tikilgan edi. Uzun, bayroqchali nayzalar, to‘g‘roli yoylar bilan qurollangan edilar. Ular son-sanoqsiz bo‘lib qo‘shinning keti ko‘rinmas edi”.
Turk hoqonligi o‘zining shonli davridan masrur yashayotgan bir paytda, Yaqin Sharqda vaziyat chigallashib borardi. Mintaqaning eng yirik ikki saltanati Vizantiya va Sosoniylar savdo yo‘lidagi foydaning katta ulushiga ega bo‘lish, unumdor ekinzorlar va barakali yaylovlarni qo‘lga kiritish, o‘z dinlarini kengroq yoyish orqali hukmronligini yanada mustahkamlash kabi strategik maqsadlarda uzoq yillik keng ko‘lamli muhorabani boshlab yubordilar. Bir necha yil davom etgan harbiy harakatlar yakunida Eronning qo‘li baland keldi. Vizantiyaliklar xonumonidan ayrildilar. Omonsiz janglarning harbiy jihatdan eng zaif tomoshabini bo‘lgan musulmonlarning muqaddas kitobida Xalloqi olamning tilidan “Rum mag‘lub bo‘ldi. Yaqin yerda. Va ular mag‘lubiyatlaridan keyin tezda g‘olib bo‘lajaklar”, degan hukm o‘qildi. Bundan na g‘olib forslarning, na mag‘lub Rumlarning xabari bor edi. Xabari bo‘lgan taqdirda ham bunga ahamiyat berishlarini taxmin qilib bo‘lmaydi, albatta. Ammo yigirma olti ming yahudiyni va oltmish mingdan ziyod xristianni qilichdan o‘tkazgan, o‘ttiz ming maqtulning kallasini saroyiga sudrab borib xor qilgan, ibodatxonalarini vayron qilib, millionlarning e’tiqodini tahqirlagan zartushtiylardan qutqara oluvchi xaloskorga nafaqat Rum Qaysari Irakliy, balki xristian va yahudiy olami ham tanidagi jon, tomiridagi qon qadar muhtoj edi. Turk hoqonining esa, yuz berayotgan voqealar bilan bog‘liq o‘z rejalari va maqsadlari bor edi. Voqealarning davomini turklarning yordamiga eng ko‘p mushtoq bo‘lgan vizantiyaliklar manbasidan o‘qish mantiqliroq bo‘ladi.
“Milodiy 622-yil. Lazikadan Irakliy turklarning hoqoniga elchi yuborib, uni forslarga qarshi ittifoqqa chaqiradi. U hadyalarni qabul qildi va harbiy yordam va’da qildi. Irakliy bundan xursand bo‘lib, o‘zi uning huzuriga yo‘l oldi, u esa, imperatorning kelayotganini eshitib, tumonot turklari bilan imperatorga peshvoz chiqdi. Imperator o‘ziga ko‘rsatilgan yuksak izzat-ikromni ko‘rib, agar turkning ittifoq tuzish istagi qat’iy bo‘lsa, otida uning yaqiniga kelsin, deb bildirdi va turkni o‘z farzandi, deb atadi. Shunda turk imperatorni quchoqladi. Irakliy esa, o‘z boshidan tojini yechib, turkning boshiga kiydirdi. Uning sharafiga katta bazm uyushtirdi. Irakliy dasturxon ustidagi barcha bazm asbob-anjomlarini, imperatorlik liboslarini va durlar bilan bezatilgan baldoqlarni unga hadya qildi. Irakliy, shuningdek, turk bilan kelgan arxontlarni ham shunday baldoqlar bilan siyladi. So‘ngra Irakliy avarlarda duchor bo‘lgan narsaga turkda ham duchor bo‘lishdan xavfsirab, ittifoqni mustahkamladi – u turkka o‘z qizi Yevdokiyaning tasvirini ko‘rsatib, unga dedi: “Bizlarni Tangrining o‘zi tutashtirdi – seni menga farzand qilib tutindirdi. Mana mening qizim – rumlarning malikasi. Agar sen men bilan birga qo‘lingga qurol olib, dushman bilan kurashda yordam bersang, qizimni senga xotinlikka beraman”. Irakliy ular bilan birga Eronga hujum qilib, shaharlarni vayron, otashkadalarni yakson qildi”.
Vizantiya, Xitoy va Turk hoqonligi ipak yo‘lidagi karvon savdosidan manfaatdor edi. Buni yaxshi anglagan hoqon harbiy harakatlar bilan birgalikda diplomatik va ittifoqchilik munosabatlarini ham muvaffaqiyatli yuritdi.
To‘ng Yabg‘u hoqon Xitoyda hukm surgan sulolalar bilan faol diplomatik munosabatlar olib bordi. U avval Suy, keyin Tang saltanati bilan ittifoq tuzdi.
Xitoyning “Suyshu” solnomasida: “To‘ng Yabg‘uxon tadbirli va jasur edi. Qachon u jangga kirishar ekan, doim zafar qozonardi”, deb yozadi.
Sosoniylar tamomila yengilmagan, Vizantiya xavfdan batamom forig‘ bo‘lmagan, hoqon ham mazkur jangdan ko‘zlagan maqsadiga to‘liq yetmagandi. Rum solnomachilari esa, bu haqda yozishda davom etardi. “625-yilda Vizantiya imperatori Irakliy Andrey degan aqlli va epchil er kishini ko‘p boyliklar va’dasi bilan xazarlarga (Turk hoqonligining vassali) jo‘natadi. (Bundan xabar topgan) Yabg‘u hoqon hozirjavoblik bilan shunday dedi: “Men uning (Irakliy) dushmanlaridan o‘ch olishga otlanaman. O‘zim botir jangchilarim bilan yordamga boraman. Uning istagini bajarib, u xohlaganicha askarlik ishlarini qilichim va kamonim bilan amalga oshiraman”. Javob elchiligini ming otliq askar kuzatib bordi. Ular fors chegara to‘siqlarini yorib o‘tib, Irakliy qarorgohiga yetib keldilar va ittifoqlik shartnomasini tasdiq etdilar. Keyingi yili va’da qilingan qo‘shin Agvaniya va Atrapatakanga suqilib kirdi”.
Bu g‘alabalar unga Sosoniylarni barcha sharqiy chegaralar bo‘ylab o‘rab olishiga imkon berdi. Eron bilan ipak savdosidagi raqobat tufayli sug‘d tijoratchilari To‘ng Yabg‘u hoqonni Kaspiyning g‘arbidagi Vizantiyaga tutash hududlarining barchasini egallashga undardi. Turk o‘rdusi Darbandning dengiz chuqurligiga qadar botib ketgan mustahkam va baland tosh devorlarini oshib o‘tib, Gurjiston va Armanistonni egalladi. Bu voqelar haqida vizantiya, arman, gruzin solnomachilari batafsil yozib qoldirganlar. Hoqon 627-yilda Tbilisi qal’asini egallab, qolgan shaharlarni zabt etish uchun o‘g‘li Bo‘rishadni qoldirib ketar ekan: “Agar mamlakat hokimlari va akobirlari o‘g‘limni kutib olib mamlakatni unga tobelikka bersa, biz ham ularga yashab, menga xizmat qilishiga izn beramiz”, deya bayonot beradi. Mazkur bayonotidan ham turk hoqonlari Vizantiyaga yordam berish va ular bilan qo‘shni bo‘lish orqali ipak savdosi raqobatida Erondan ustun kelishni ko‘zlaganlari kunday ravshan bo‘ladi.
Nima bo‘lganida ham, turklar Vizantiyani muqarrar halokatdan qutqardilar. Rumlar mudofaadan hujumga o‘tdilar. 628-yilga kelib ular Ktezifon atrofidagi shohning qasrlariga o‘t qo‘yishgacha yetib borgandilar. Forslarda ularni to‘xtatadigan kuch topilmasdi. Kurashdan umidini uzgan fors akobirlari Xusravni taxtdan tushirib dorga osdilar.
Yuqorida bayon etilgan tarixiy hodisalarga buyuk turk olimi va Turon hukmdori Mirzo Ulug‘bekning yashil nefritdan yasalgan suv ichadigan finjonining (hozirda Londondagi muzeylardan birida saqlanmoqda) kumush gardishida turk tilida, arabiy imloda bitilgan: “Karami Haqqa nihoyat yo‘qdur”, degan hikmati bilan xulosa qilish mumkin. Islom dinining muqaddas kitobida bitib qo‘yilgan bashoratning ijro qilinishi va bu orqali musulmonlar “ahli kitob” deya e’tiqod jihatidan o‘zlariga eng yaqin ko‘radigan xristian va yahudiylarning otashparastlar tahlikasidan qutqarilishi, bunday ulkan ishning ularga milliy, diniy, madaniy va tarixiy jihatdan yaqin bo‘lmagan turklar qo‘li bilan amalga oshirilishi na muslimlar, va na nasoro va tarsolarning xayoliga kelmagandi.
Turklar esa, bunday missiyani maqsadsiz, hisiyotsiz, befarq tarzda bajarganiga ishonish qiyin. To‘g‘ri, hukmdorlar va so‘g‘d savdogarlarining ipak yo‘li tijoratida ustunlikka erishish maqsadlarini inkor etib bo‘lmaydi. Ammo omonsiz jangu jadallarga askar yuboradigan, muhoraba maydonida jon olib jon beradigan oddiy turk xalqini tashviq etish uchun kuchli mafkura kerak edi. Ajnabiy tarixchilarning e’tirofiga sazovor “osmon va yerning yaratuvchisiga ibodat qilib, uni “Tangri”, deb ataydi”gan, kelgan mamlakatlarida irqiy ajratishlarga barham berib, yaxlitlik va birdamlik (modus vivendi) hosil qiladigan davlatchilik falsafasiga ega turklar bu qadar keng mintaqada amalga oshirgan ishlarini shunchaki moddiy manfaat va iqtisodiy daromad ustiga qurgan, deb xulosa qilish mantiqqa to‘liq muvofiq kelmaydi. Buning javobini Ikkinchi Turk hoqonligining mashhur shahzodasi va sarkardasi Kul Tigin sharafiga qo‘yilgan mangutoshdan topish mumkin:
“Yuqorida ko‘k osmon, pastda qo‘ng‘ir yer yaratilganida ikkisining orasida kishi o‘g‘li (insoniyat) yaratilgan. Inson bolalari ustidan (hukm yuritish uchun) ulug‘ otalarim Bumin hoqon va Istami hoqon taxtga o‘tirgan”.
Demak, Turk hoqonligining asoschilari bo‘lgan hukmdorlar va ularning keyingi vorislari o‘zlarini yer va osmon o‘rtasidagi butun insoniyatning himoyachisi va hukmbardori deb bilgan. Butun insoniyatning tinchligi va osuda hayoti uchun o‘zlarini mas’ul deb bilgan. Dinlari tahqirlangan, o‘lkalari xarob bo‘lgan, izzati va nomusi toptalgan millionlarni qutqarish, ularga ko‘rsatilayotgan aziyatlarga barham berish maqsadida turk erlari maydonga chiqdilar. Natija esa, tezda ko‘rindi. Yevropa va Osiyoning ikki yirik saltanati o‘rtasidagi xalqlarning madorini quritgan uzoq yillik janglarga nuqta qo‘yildi. Oddiy xalq o‘ldiruvchi tig‘lardan, shaharlar bosqindan, ibodatxonalar hujumdan qutqarildi.
Bo‘lib o‘tgan ulkan voqealardan so‘ngra Eronda boshboshdoqliklar davri boshlandi. Hukmron aslzodalar shohlarning birini o‘ldirib, boshqasiga toj kiydirardi. Vizantiyaning ham urushlardan tinkasi qurigan, iqtisodiy tanazzulning ostonasida edi. Har ikki saltanat o‘z hududlarini birin-ketin yangi din bilan birga yangi madaniyat, yangi taraqqiyot yangi tamaddun olib kelayotgan Islom davlatiga bo‘shatib bera boshladi. Musulmonlar Islom payg‘ambari bashorat qilganidek, Eron poytaxti Madoinni, Yaman va Shomni fath etdilar. Shiddat bilan kengayib borgan Xalifalik davlati tez orada Fransiya chegaralaridan Xitoy sarhadlariga, Kavkaz tog‘laridan hind vohalariga qadar yoyildi.
Turklarga kelsak, To‘ng Yabg‘u hoqonning vafotidan so‘ng saltanat o‘z qudratining avjidan uzoqlashib bordi. Ammo hoqonlikning vorislari bo‘lgan davlatlar va ulardagi turk xalqlari Islomni qabul qildilargina emas, uning eng qudratli himoyachilari va eng donishmand mutafakkirlari bo‘ldilar. Qoraxoniylar va Bulg‘orlar bilan Osiyo va Yevropada ilg‘or Turk-Islom yalovini ko‘tardilar. G‘aznaviylar bilan Hidistonning ichki mintaqalariga, Saljuqiylar bilan Eron, Onado‘li va Yaqin Sharqqa, Mamluklar bilan Afrikaning tog‘ va sahrolariga, Oltin O‘rda bilan Sharqiy Yevropaga, Usmonlilar bilan Yevropaning markaziy qismi va Atlantika okeani qirg‘oqlariga, Sibir xonligi bilan Tayga o‘rmonlari va Shimoliy muz okeaniga, Temuriylar bilan Hind okeanining ichlariga qadar kirib bordilar. Sohibqiron Amir Temur bilan Turon nomli davlat qurdilar. Yovuz Salim sulton bilan Islom xalifasi deb tan olinib, 1517-yildan 1923-yilga qadar butun musulmonlarga ma’naviy rahbar bo‘ldilar. Keyingi asrlarda turklar Imom Moturidiy bilan Islomning aqidasini, Forobiy bilan falsafasini, Imom Buxoriy, Termiziy va Dorimiylar bilan hikmatini, Burhoniddin Marg‘inoniy bilan huquqini, Al-Xorazmiy bilan hisobini, Ibn Sino bilan sihatini, Ahmad Al-Farg‘oniy bilan zaminini, Mirzo Ulug‘bek bilan samosini Abu Rayhon Beruniy bilan ummonini, qolgan olimlar bilan dorulfununini bunyod etdilar.

REKLAM ALANI